
Doimiy qo'l oyoqlarning muzlash sababi
Qo'l va oyoqlar nima sababdan muzlaydi?
Bu holat xavfli kasalliklardan darak beryotgan bo'lishi mumkin. O'zingizga e'tiborli bo'ling.
Avvalo, boshlang‘ich tushunchalar bilan tanishib chiqamiz. Oyoq-qo‘llarning muzlashi aksariyat holatlarda odatiy bo‘lishi mumkin. Ular doimo sovuqni birinchi sezadi va oxirida isiydi. Bu hayotda qolish mexanizmining muhim elementidir.
Sovuq muhit sharoitiga tushib qolsak, miya qo‘l-oyoqlardagi tomirlarni siqilishga majbur qilib, qon aylanishi cheklanadi. Qon kamroq soviydi va oyoq yoki kaftlardan ko‘ra muhimroq bo‘lgan ichki organlarda issiqlikni ushlab turishga yordam beradi.
Biroq, ba'zida boshqacha bo‘ladi: muhit unchalik ham sovuq emasga o‘xshaydi, ammo qo‘llaringiz va oyoqlaringiz baribir muzlay boshlaydi va ularni qizdira olmaysiz. Bu nima bilan bog‘liq bo‘lishi haqida quyida o‘qiysiz.
Xo‘sh, oyoqlar nima uchun muzlaydi?
Nega boshqa tana a’zosi emas, aynan oyoqlar. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bir necha kasallik belgilari qatorida oyoqning muzlashi ham bor. Lekin insonlar oyoqlari sovushi ortidan kamdan-kam holatda shifokorga murojaat qiladi. Chunki uni kasallik belgisi sifatida tan olishmaydi.
Odamlar issiqqina paypoq kiyganida ham quyidagi holatlar sabab oyoqlari muzlayveradi.
- umumiy termogulyatsiya (tana haroratini doimo bir xil ushlovchi fiziologik jarayon)ning buzilishi;
- qon tarkibining o‘zgarishi;
- qon tomir tonusida muntazamlikning buzilishi;
- yurak qisqarishida kuchning kamayishi;
- tomir urushining yomonlashishi.
Shuningdek, aksar bemorlar oyoqlari muzlaydigan damda bir qancha kasalliklar qurshovida qolishi mumkin ekan.
Stressga tushish
O‘ta hayajonli va stressli vaziyatlar adrenalin gormonining ajralishiga olib keladi. Tashxis qo‘yish shart emas, odatda bemor buni o‘zi ham sezadi. Yurak bezovtalana boshlaydi, tonusni tartibga solishda qiyinchilik yuz beradi. Organizm bir holatdan umuman boshqa holatga o‘tadi. Bu paytda qon aylanishi tezlashib, qo‘l va oyoq uchlariga qon yetib bormasligi oqibatida oyoqlar sovib ketishi mumkin. Agar stress paytida oyoq jarohatlansa, qon ketishi boshqa holatga nisbatan kam ekanligi kuzatilgan.
Qalqonsimon bez faoliyatining susayishi (gipotireoz) – bu jarayonda yod yetishmovchiligi kasalliklari kuchaya boradi. Barcha almashinuv jarayonlari buziladi. Organizmda yod yetishmasligi ayrim mamlakatlarda kattalar orasida keng tarqalgan. Lekin uning belgilari boshqa kasalliklarnikiga o‘xshashligi tufayli bemorlar davo izlashda ko‘p vaqt yo‘qotadi. Ushbu kasallik belgilari qatorida oyoq sovishi ham bor.
Ochlik
ovqatni birdan cheklash modda almashinuvining pasayishiga olib keladi. Bu o‘z o‘rnida kam harakatni taqozo etadi. Harakatsizlik ortidan qon aylanishi ham doimgidek bo‘lishi mumkin emas. Shunday qilib, umumiy harorat tushadi, oyoq-qo‘llarda ham sovuqlik saqlanib qoladi.
Qon tarkibida o‘zgarishlar ro‘y berayotgan bo‘lsa, darhol shifokor ko‘rigidan o‘tish zarur. Kamqonlik, oqsil yetishmovchiligi, mikroelementlar hamda vitamin yetishmasligi kelajakda organizm uchun qandaydir xavf tug‘dirishi mumkin. Aynan shu belgilarning o‘zi ham oyoqlarning sovuq bo‘lishiga olib keladi.
Yurak.
Yurak yetishmovchiligi ko‘proq yoshi katta odamlarda uchraydi, shu tufayli ularda nafas olishda qiyinchilik kuzatiladi. Yurak mexanikasining buzilishi nasos funksiyasining sustlashuviga olib keladi hamda tananing barcha a’zolariga qon yetib bormaydi. Shu holatlarda ham oyoq harorati sezilarli ravishda soviydi.
“Boshni sovuq – oyoqni issiq saqlang!”, degan naql bor. Tana a’zolarida biror og‘riq yoki o‘zgarish sezsangiz, albatta, sog‘ligingiz uchun qayg‘uring. Sizga arzimasdek ko‘ringan muammo, aslida qaysidir kasallik belgisini namoyon qilayotgan bo‘lishi mumkin. Kasallik kelishi oldidan o‘zi signal yuborishi bu bemorlar uchun yengilliklar tug‘diradi, davo topishi ham osonroq kechadi.