
Hijoma (Qon chiqarish)foyda va zararlari
Hijoma zamonaviy tibbiyotda o'rni
Qon chiqarish, hijoma (flebotomiya) — bu terapevtik maqsadlar uchun odamdan ma’lum miqdordagi qonni chiqarib tashlashdan iborat muqobil tibbiyot usuli. Flebotomiyaning klinik samaradorligi to’g’risida dalillar mavjud emas, zamonaviy tibbiyot amaliyotida bu usuldan foydalanilmaydi.
Qon chiqarish punktsiya (venepunktsiya), tomirni kesish yoki zuluklar yordamida (girudoterapiya) amalga oshiriladi.
Hozirgi kunda
Hozirgi kunda aksariyat shifokorlar qon chiqarishni davolash usuli deb hisoblashmaydi, bu usul muqobil tibbiyotga oid sanaladi.
Ba’zi tadqiqotchilar organizmda temir moddasining yoki qondagi qizil qon tanachalarining ko’pligi bilan ajralib turadigan bir qator kasalliklarni davolashda qon chiqarish usulini qo’llash mumkinligi haqidagi gipotezani ko’rib chiqishadi. Ushbu davolash usuli klassik hijomadan farq qiladi: qizil qon tanachalari qondan filtrlanib olinadi va qolgan qon plazmasi qon oqimiga qaytariladi.
Qon chiqarish xavfsiz muolaja emas. Sterillikning buzilishi qon zararlanishiga olib keladi. Qon chiqarish ba’zi surunkali kasalliklar, xususan qandli diabet bilan og’rigan bemorlarda o’tkazilmasligi kerak. Bu muolaja noto’g’ri bajarilishi natijasida hozirgi zamonda ham o’lim holatlari ma’lum. Qon chiqarishning ma’lum asoratlari — bu hushdan ketish, qon bosimining me’yordan pastga tushishidir.
Qon chiqarish turlaridan biri parabioz — qari va yosh organizm qon tomirlarini birlashtirish usuli bo’lishi mumkin. Bunda qari organizmning qoni qisman yosh qon bilan almashtiriladi. Sichqonlarda o’tkazilgan tajribalarda bu usul qarish belgilarini, shu jumladan qarishning epigenetik belgilarini kamaytirishga imkon berganligi aniqlangan. Ammo odamlarda parabiozdan foydalanish jiddiy axloqiy savollarni tug’diradi.
Qon chiqarish texnikasi
Instrumental qon chiqarish
Qon chiqarish venesektsiya yoki venepunktsiya (tomirni kesish yoki teshish) orqali amalga oshiriladi. Chiqariladigan qon hajmi 300-400 ml ni tashkil qiladi. Bemorning holati — chalqancha yotgan holda, qon chiqarish joyi — tirsak bukilmasida. Venepunktsiya o’tkazish usuli venadan qon olish texnikasiga o’xshash. Bunda steril 5% natriy sitrat eritmasi bilan yuvilgan katta diametrli igna (Dyufo ignasi) ishlatiladi. Jarayon asoratlarni oldini olish uchun asta-sekin amalga oshiriladi.
Hijoma
«Hijoma» usuli bilan qon chiqarishda terining kesilgan joylarini yopib turuvchi tibbiy bankalar ishlatiladi. Bunda qonni tortib olish uchun zich qilib o’rnatilgan tibbiy bankalardan havo so’rib olinadi.
Hijoma quyidagi kasalliklarda foyda berishi mumkin:
- Revmatologik kasalliklar, suyak va mushak kasalliklari, osteoartritlar;
- Autoimmun kasalliklar va teri kasalliklari: yarali kolit, ekzema;
- Urogenital kasalliklar: prostatit va vaginit;
- Yurak va tomir kasalliklari: arterial gipertenziya va giperxolesterinemiya;
- LOR kasalliklar: sinusitlar;
- Oshqozon-ichak trakti kasalliklari: kolit va gemorroy;
- Nevrologik muammolar: bosh og’rishi;
- Modda almashinuvi buzilishlari: semizlik.
- Peysmerker o’rnatilgan bemorlar;
- Qon donorligidan keyin (faqat 1-2 oy o’tgach ruxsat etiladi);
- Gemodializ bilan davolanayotgan bemorlar;
- Homilador ayollar;
- Tug’ruqdan keyin va hayz davomida;
- Jigarning virusli kasalliklari va sirrozi aniqlangan bemorlar.
Girudoterapiya
Qon chiqarish maqsadida girudoterapiya (zuluk bilan davolash) muolajasi girudin in’yektsiyasiga qaratilgan muolajaga qaraganda uzoqroq vaqt o’tkaziladi. Bitta zuluk 30-60 daqiqada 10-15 ml qon so’rib olishi mumkin. Bir seansda esa 4-12 zuluk o’rnatiladi va shu tariqa organizmdan 40-180 ml qon so’rib olinadi.